Azoblarning muqaddimasi

Ha-ha! Baribir urdi-ku, Xudo!! Hali bu ham kam senga, bir tomchi suvga zor bo'lib o'lasan. Ha, sen qiynalib o'lasan, men esam rohatlanib tamosha qilaman!.
Bu ovoz... qaynonasining ovozi... O'zi qani? Qayerda turib gapiryapti?
Harakatsiz yotgan Toshboltaning ko'zlari javdiradi. Uxlayapmanmi, tush ko'ryapmanmi? - deb o'yladi Toshbolta. - Yo'q, uyg'oqman. Hammayoq yop-yorug'. Avval domla o'qiyatuvdi, keyin milisa keldi. Bu ham tushmi? Yo'-o'q... Adol bilan gaplashdi-ku u milisa? Adol... harom o'lgur Adol, mendan oldin sen o'lsang yaxshi edi. Bir kun bo'lsa ham sendan keyinroq o'lishni orzu qilardim-a, bir kun bo'lsa ham odamga o'xshab yashab qolardim-a... Milisaga nimalar deb sasiding-a, qanjiq! Menga tekkuningcha nima qilgan bo'lsang qilgansan. Hammasini eshitgan edim, lekin senga rahmim kelib indamovdim. O'shanda seni o'ldirvorsam bo'larkan. Sen... ilon... hammamizni chaqib o'ldirding... Bir soatga bo'lsa ham tuzalsam edi, o'rnimdan turib bo'g'ib o'ldirardim sen ablahni. Yo'-o'q... avval tilingni kesar edim, so'ng bo'g'ardim. Nafisning oldiga yuzim yorug' bo'lib borardim...
Ha-ha! Seni Xudo urdi-ku!
Yana o'sha ovoz. Toshboltaning ko'zlari yana javdiradi. So'ng nigohi qotdi: yonginasida qaynonasini ko'rdi. Qaynonasi o'tirib olganicha eski ko'rpachani so'tyapti.
Nima qilyapsiz? - deb so'radi Toshbolta.
Senga kafan bichmoqchiman - deb javob berdi qaynonasi.
Eski ko'rpachaning astaridan ham kafan bo'larkanmi? - dedi Toshbolta.
Senga shu ham hayf. Itday o'lib, itday ko'milishing kerak, - dedi qaynonasi.
Meni buncha yomon ko'rasiz-a? Qizingizni urgan bo'lsam jazosini totdim-ku? Xudo bir alvastiga ro'para qilib qo'ydi-ku? - dedi Toshbolta.
Nafisaning hayotini bulg'ab tashlading. Menda ham ayb bor: uni senga berib yubormasligim kerak edi,- dedi qaynonasi.
Men qizimning baxtli bo'shishini istagan edim. Baxtini topgan edi, - dedi Toshbolta.
Nomi buzuq bo'lib topilgan baxt baxt ekanmi? Ayt, o'zing, jon qizim, baxtli edingmi?
Shu payt qaynonasining orqasida Nafisa ko'rindi: eski, kir ko'ylakda, ko'zlarida yosh, ma'yus qarab turibdi. Toshboltaning hech esidan chiqmaydi: qamoqdan qaytib, qaynonasinikiga kelganida Nafisani shu holatda ko'rgan edi. Ko'rib, yurak-bag'ri ezilib ketgan edi.
Qizim, buvingga aytgin, men senga hech yomonlikni tilaganmanmi?
Nafisa indamay, shu holatida qarab turaverdi.
Qizim, meni qiynama, o'ladigan bo'lsam ham qiynalmay o'lay, ayt, baxtli eding-ku, axir?
Nafisa senga gapirmaydi, - dedi qaynonasi.
Nega gapirmas ekan? - dedi Toshbolta.
O'liklarning gapirganini qayda ko'rgansan? - dedi qaynonasi.
Siz gapiryapsiz-ku? - dedi Toshbolta.
Men senga kafan bichish uchun atayin kelganman,- qaynonasi shunday deb qah-qah otib kula boshladi. O'zini to'xtatolmay to'xtovsiz kuldi, sonlariga shapati urib kuldi, Toshboltaning naq tepasiga turib olganicha kinolardagi yalmog'iz kampir kabi xunuk kuldi. Kulgi jarangidan Toshboltaning quloqlari shang'illab ketdi.
- He, turqing qursin senlarning, jigarlaringni qurt kemirib quritsin!..
Bu kimning ovozi? Toshbolta sergak tortdi: qaynonasi emas, Adolatning shang'illashi bu. Kimni qarg'ayapti?
- Molni egasining o'ziga berarmish. Kim egasi? Onangning mahriga tushgan mol ekanmi?
Shang'ish ovozi tobora yaqinlashib, ro'parasida Adolatning qahrli chehrasi ko'rindi.
- Qanaqa erkaksan o'zing?! o'irt ahmoq odam ham shuncha molni o'sha yerga tashlab kelavermaydi. Milisaning gaplarini eshitdingmi? E, er bo'lmay o'libgina ketgin sen! Senga tekkanimdan beri birim ikki bo'lmadi-ya! Endi seni bitimga boqamanmi? Bitta ukoling necha pul, bilyapsanmi. Tuzaladigan bo'lsang, tuzal, bo'lmasa o'zim bo'g'ib o'ldirib qo'ya qolay. Boqishga arziydigan erkak bo'lsang ekan, sen...
Noshukur bo'lma, shuncha topib kelganim kammi senga? Uchta emas, o'ttizta qiz uzatishga yetadigan mol yig'ding-ku? Tilla taqinchoqlarni sotsang ikkita mashina beradi-ku? Buncha noliysan, qora shaqshaq?! Shunday demoqchi edi, til aylanmadi. o'o'ldiragan ovoz chiqdi.
- Nima deyapsan, qaytarchi? - dedi Adolat yoniga tiz cho'kkanicha quloQini ding qilib.
Hadeb voy-voylab o'pkangni ko'rsatavermay bitta qo'y olib so'ydirib xudoyi qilib yubor. Bizga balo yog'ilyapti. Xudoyi qilmasang bo'lmaydi. Boya domla o'qiyotganida shu ko'nglimga keldi.
Toshbolta shu so'zlarni aytmoqchi bo'lganida ko'zlari qassobga qarayotgan qo'zichoq ko'zlari kabi javdiradi.
Adolat bu nigohga zuhr bo'lgan ma'noni o'z aqli yetganicha o'qidi:
- Mollarni borib olib kelaymi?
Kallangni ishlatsang-chi: balo yog'ilyapti, deyapman senga. Qo'y olib so'ydir, xudoyi qil, deyapman. Baloga men uchradim, mayli, endi qizlarga urmasin. Sen alvastiga ham Xudoning atagani bordir, esingni yig'sang-chi!..
Ularning bu tahlitda gaplashishi soqov bilan so'qirning suhbatini eslatardi.
- Ha, bo'pti, nima demoqchi bo'lganingni tushundim, - dedi Adolat. - Erta yo indin borib olib kelaman. Milisa bo'lsa o'ziga, men indamay qo'yib berarkanmanmi? Noshud bo'lmay qaro yerga kirgin sen. Shuncha molni uyga qo'ymay, xaridorga topshirib kelsang o'larmiding? Bu yoqqa hovliqib yugurganing bilan qizing tirilib qolarmidi? Mana, yugurganing bilan ko'mish baribir senga nasib qilmadi-ku? Xudo bizga mehribon-da, seni shu ko'yga solmaganda mo'ylov jinning o'la qolsa jiyanini ko'mmasdi. Butun xarajat bizning gardanimizga tushardi. Eri o'lgur qaysi go'rlarda ekan? Xotin olmay o'la qolsin, u so'tak. Qiz bilan juvonning farqiga bormasa...
Toshboltaning yuragi sanchib, og'riqqa chidolmay ingrab yubordi. Ancha bosilib qolgan kuragidan og'riq ham uyg'ondi. Oyoqlari yuzlab chayonlar hukmiga topshirilganday azob cheka boshladi. Ingrash o'kiriqqa aylandi. Yonog'iga yosh tomchilari dumaladi.
Bo'g'ib o'ldirsang o'ldira qol, degan iltijo bilan xotiniga boqdi.
- Ha, shunaqa, - dedi Adolat o'rnidan turib, - to'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi. Sog' paytingda ham quturgan tuyaga o'xshab o'kirib qolarding. Hozir ham shuning xumori tutdimi, he o'kirmaygina o'lgin sen...
To'xta, hech bo'lmasa oyoqlarimni silab qo'y, bu azob bilan o'lmay. Jonim chiqmasidan oldin sen ham menga bir yaxshilik qil. - Til bu gapga ham aylanmadi. Alhol, bu iltijo tish hatlab aytilgan taqdirda ham xotin tomonidan ijobatga olinmog'i mahol edi. Javob tariqasida uning tilidan Endi sening isqirt oyoqlaringni qashilash qoluvdi, degan gapning uchmog'i ehtimoldan xoli emasdi.
Toshbolta azoblar iskanjasida yotganida Nafisa ko'rindi.
Qizim, jon qizim, kel, sen qutqar bu azoblardan.
Qanday qutqaray? Bu azoblarni men bermadim sizga, men qutqara olmayman.
Buving meni beto'xtov qarg'ayaptilar. Seni Xudo urdi, deb quvonyaptilar. Men Xudoga nima yomonlik qildim. Mendan beshbattarlari ham yuribdilar-ku, yallo qilishib? Bittagina aybim - onangni urganim. Undan keyin men ham odamga o'xshab yashayin deb harakat qildim, xalos. Boshqalar yeb-ichib, maishat qilib qornini silab yotganida, men och-nahor yashashim kerakmidi? Nima, nafs bitta menda bormidi? Nafsi o'pqonlar-chi? Qani, gapir, nega jim turibsan?
Dada, men nafsni o'lchaydigan tarozibon emasman. Mening bilganim - bizlarni shu nafs sharmanda qildi.
Sharmanda qildi? Tirikligingda ham shunaqa devding. Sharmandalik nima o'zi? Ko'zga ko'rinmasa, qo'lga ushlab bo'lmasa, yeb bo'lmasa, kiyib bo'lmasa... Odamlarning gapimi? O'shanda ham aytuvdim, hozir ham aytaman: tupurdim, o'sha odamlarning o'zlariga ham, gaplariga ham!
Dada, unday demang, shu odamlar erta-indin sizni ko'tarib joyingizga olib borishadi.
Baribir tupurdim! O'lganimdan so'ng ko'tarib olib borishadimi yo hojatxonaga tashlab yuborishadimi - menga baribir. Sen qizim, buvingga tayinlab qo'y: hadeb meni qarg'ayvermasinlar. Uch-to'rt kun bo'lsa ham tinch yashay. Kelsang o'zing kel, buving kelmasin. To'xta, buvingga qo'shilib sen ham meni qarg'ayotganing yo'qmi?
Nimaga qarg'ayman, dada?
Tursunaliga ro'para qilganim uchun-da. Lekin, sen bilib qo'y: bu mening kallamdan chiqqan aql emas edi. Alvasti o'gay onang aytuvdi, men laqmaga ma'qul keluvdi. Qarg'asang o'shani qarg'agin. Lekin... o'zing ham Tursunalini yaxshi ko'rarding-ku, a?
Yaxshi ko'rardim, dada.
Yaxshi ko'rsang baxtsiz emas ekansan-da? Buni buvingga aytgin. Og'zimiz endi oshga yetganida, boshimiz toshga yetdi. Oxirgi marta boqqa borganimiz esingdami? O'choq tagidan topgan taqinchoqlarimiz esingdami? Qorashaqshaq buni boshqacha tushunibdi. Yangi direktor bilan o'ynashib, shuning haqqiga olgan, deb o'ylabdi u haromi. Seni fohisha deb hisoblaydi. Senga avvallari aytmovdim, dardim ichimda edi. Menga tegmasidan avval o'zi shunaqa bo'lgan. Shuning uchun boshqalarni ham o'ziga o'xshatadi, u haromi. Qarg'asang o'shani qarg'a. O'choq tagidan topgan taqinchoqlarni taqib oluvding. O'lib yotganingda qarasam, ziraklaring ham, uzuklaring ham yo'q. O'zing olib qo'yganmiding yo... ering olib qo'yuvdimi?
Nafisa bu savolga javob bermay ma'yus tikilib turaverdi.
Bilmaysanmi? Unda seni o'ldirgan odam olib qo'ygan. Nafis, qizim, ayt, seni kim o'ldirdi? Yoningdagi yigit kim edi? Faqat o'ynashim edi, demagin. Men ishonmayman. Sen unaqa shilta emas eding, qizim. Seni ering o'ldirmagan, undan gumonim yo'q. Agar u o'ldiradigan bo'lsa, Tursunalini o'ldirardi. U Tursunalini yaxshi ko'rishingni bilardi. Bir marta mast bo'lvolib menga yig'lagan, senga aytuvdim. Tursunali bilan uchrashmasin, deb yalingan. O'ldiradigan odam bunaqa bo'lmaydi. Unda kim o'ldirdi seni? Karvon bormaganmidi uyingga? O'choqni buzgan kunim bir nimani sezib is olganday bo'luvdi. Meni ko'rolmaydi u nokas. Bog' qorovulligini mendan olgunicha atrofimda itpashshadek aylandi. Keyin-keyin qiliq chiqardi. Mening gumonim o'shanda. Sayfini tanirding, a? Yettinchi bo'limning boshqaruvchisi. Senga sovchi qo'ydirganida unamaganman, esingdami? O'sha Tursunali bilan gap talashib qolganida Karvon Sen hali xo'jayinga gap qaytaradig'on bo'p qoldingmi! deb itday po'palab tashlovdi. Men o'rtaga tushmasam o'lib ketardi, bola bechora. He, attang... shu gaplarni milisaga aytsam bo'larkan...
Nafisa otasining gaplariga e'tibor bermay tisarila boshladi.
Qizim, ketma, sen kelib, azoblarim sal nari bo'lyatuvdi. Meni qutqar, qizim...
O'zimning azoblarim o'zimga yetadi, dada.
Azob? Qanaqa azob? O'lgan odamda qanaqa azob bo'ladi? O'lim hamma azoblardan qutqaradi-ku?
Yo'q, dada, o'lim siz bilan men uchun azoblarning boshlanishi...
Unday dema...
Yaqinda o'zingiz ko'rasiz...
Shunday deb ko'zdan yo'qoldi. Toshboltaning qulog'iga azobli faryod ovozi eshitilib, atrofiga alang-jalang qaradi. Is bosgan ayvon shipi, bo'yog'i ko'chgan ustundan boshqa hech nima ko'rinmadi.
Kimdir ingradi... Kimdir oh urdi... 
